News Release

Dunyo rahbarlari xizmat va do‘stlikda birlashadilar

Oqsoqol Devid A. Bednar O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashmoqda

Iso Masihning Oxirgi kun Avliyolari Cherkovi rahbari va O‘n ikki Havoriylar Kvorumi a’zosi, Oqsoqol Devid A.Bednar bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

Prezident Mirziyoyev, ayniqsa, yosh avlod manfaatlari yo‘lida iqtisodiy o‘sishning doimiy zarurligini ta’kidladi. Prezident kambag‘allikni qisqartirish va o‘zbek xalqi farovonligi yo‘lida iqtisodiy imkoniyatlar yaratishda erishilgan yutuqlar haqida ham so‘zlab berdi.

"Imonli va yaxshi niyatli odamlar boshqalarni yaxshilikka undashga birgalikda harakat qilganda, yuraklar yumshaydi va hayot o‘zgaradi", dedi Oqsoqol Bednar Iso Masihning odamlarga g‘amxo‘rlik qilish haqidagi da’vatini ta’kidlab. "O‘zbekiston xalqi va rahbarlarining iliq do‘stligi uchun chuqur minnatdormiz".

O‘zbekiston rahbarlari Iso Masihning Oxirgi kun Avliyolari Cherkovi xayriya xizmatining insonparvarlik faoliyati uchun minnatdorchilik bildirishdi. Ular xayriya tashabbuslari va milliy institutlar o‘rtasidagi hamkorlik maktablarda ijobiy o‘zgarishlarni tezlashtirish va jamoalarni mustahkamlashga yordam berishi mumkinligini ta’kidladilar.

Prezident bilan uchrashuvdan oldin Hukumatning mansabdor shaxslari va tashkilotlari, jumladan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva xonim, Oliy Majlis Senati, Ijtimoiy himoya Milliy agentligi va Prezident maslahatchisi bilan bir necha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Saida Mirziyoyeva xonim ustuvor yo‘nalishlar sifatida ingliz tilini o‘qitish, sog‘liqni saqlash va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi. Hamkorlik usullari, shu jumladan Cherkovning Butunjahon xotin-qizlar jamiyati - Mehr-shafqat jamiyati bilan hamkorlik qilish g‘oyalari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva xonim janobi oliylari bilan uchrashuv chog‘ida Oqsoqol Bednar O‘zbekistonga oila va onalikka katta madaniy e’tibor qaratgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning suhbati ushbu urf-odatlar va Cherkovning butun dunyo bo‘ylab ayollar, bolalar va oilalarning mavqeini mustahkamlashga sodiqligi o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’kidladi.

Prezident maslahatchisi Ruslan Davletov mamlakat aholisining oltmish foizini tashkil etuvchi O‘zbekiston yoshlarini e’tiqod, ta’lim va axloqiy yetakchilik tamoyillari asosida kamol toptirish va ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga e’tibor qaratdi. Suhbat davomida yoshlarni ularning irodasi, fidoyiligi va kelajakka umidlarini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlash uchun hukumatlar, oilalar va diniy jamoalar birgalikda mas’ul ekanligi ta’kidlandi.

"Biz Cherkovimizdagi yoshlarni "o‘sib kelayotgan avlod" deb ataymiz, – dedi Oqsoqol Bednar, – va biz yoshlarga juda samarali fuqaro bo‘lishga yordam beradigan qadriyatlarni o‘zlashtirishda

yordam berishga katta e’tibor qaratamiz. Biz ularga yaxshi tamoyillarni o‘rgatamiz va ularga o‘zlarini boshqarishlariga imkon beramiz."

Oqsoqol Bednar, shuningdek, O‘zbekiston Ijtimoiy himoya Milliy agentligi direktori janob Mansurbek Olloyorov bilan uchrashdi. Suhbat davomida aholining eng zaif qatlamlariga yordam berish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi. Suhbatning diqqat markazida haqiqiy ijtimoiy himoya aslida ham Agentlik, ham Iso Masihning Oxirgi kun Avliyolari Cherkovi tomonidan chuqur qadrlanadigan tamoyil - odamlarga bo‘lgan muhabbat ifodasi ekanligi bo‘ldi.

Tashrifning asosiy mavzularidan biri Iso Masihning Oxirgi kun Avliyolari Cherkovi a’zolarining xayr-ehsonlari orqali tashkil etilgan Oxirgi kun Avliyolari Xayriya xizmati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish edi.

Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlikda Oxirgi kun Avliyolari Xayriya xizmati bir nechta hududlarda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena (VSG) pilot loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ushbu tashabbus doirasida uchta maktabda ishonchli hojatxonalar, qo‘l yuvish va toza suv saqlash joylari jihozlandi.

Har bir maktab mahalliy pudratchilar tomonidan qurilgan drenaj maydoniga ega (septik) hojatxona tizimlari bilan jihozlandi. Dizayn chidamlilik, texnik xizmat ko‘rsatish qulayligi va jamoaga tegishli bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va o‘qituvchilar uchun hojatxonadan foydalanish va o‘quvchilarni gigiyenaga o‘rgatish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda.

"Yangi ob’yektlar vaziyatni tubdan o‘zgartirdi", dedi Oqsoqol Jerar, Markaziy Yevropa mintaqasidagi Cherkov prezidentligi a’zosi. "Bolalarning maktabga davomati oshdi va ota-onalar qizlarini darslarga ishonch bilan yuborishmoqda."

Oxirgi kun Avliyolari xayriya xizmati 1985 yildan beri 191 dan ortiq mamlakatlarda toza suv ta’minoti va sanitariya loyihalarini qo‘llab-quvvatlab, o‘z resurslariga tayanishga uzoq muddatli tayyorlikni targ‘ib qiluvchi infratuzilma va o‘quv mashg‘ulotlarini taqdim etib kelmoqda.

Oqsoqol Bednarning tashrifi O‘zbekiston rasmiylari va Cherkov rahbarlari o‘rtasidagi Solt-Leyk-Siti shahridagi avvalgi uchrashuvlardan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Davom etayotgan muloqot o‘zaro hurmat va oilalar va jamoalarni mustahkamlash istagiga asoslangan rivojlanayotgan munosabatlarni aks ettiradi.

O‘zbekiston maktablarni modernizatsiya qilish, ayniqsa, bolalar uchun toza suv va sanitariya sharoitlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha umummilliy sa’y-harakatlarni boshladi. Cherkovning insonparvarlik tashabbuslari ushbu ustuvorliklarni mahalliy sharoitga moslashtirilgan texnik yordam va barqaror dizayn yechimlari bilan to‘ldiradi.

Oqsoqol Bednar "Cherkov dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritmoqda. Qayerga bormaylik, boshqa odamlarga xizmat qilish, yaxshilikka undash va yordam berishga intilamiz. Bu bizning dinimizning mohiyatidir.", deb qo‘shimcha qildi u.